| Dunyoni axborot boshqaradi |
|
|

Azal-azaldan
insoniyatdagi olamni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ajoyib ixtirolar
qilishga undagan. Shu yaratuvchanlik qobiliyati vositasida ko‘plab ilm
sohiblarining nomi manguga bitildi. Tarixchilar har bir asrning odamzot
uchun alohida o‘rni, boshqasini takrorlamaydigan ahamiyati borligini
ta'kidlaydi. Darhaqiqat, qadim chinliklarning qog‘ozni kashf etishidan
boshlangan madaniyat olmoniyalik muhandis Guttenbergning bosma dastgoh
yaratguniga qadar ming bor takomillashib, zamonlar chig‘irig‘ida elandi.
Va nihoyat, biz nafas olayotgan davr - XXI asr endilikda "axborot" so‘zi bilan yonma-yon ishlatilmoqda.
Jadallik bilan rivojlanib borayotgan texnika va texnologiyalar tizimi inson tafakkurining sarhad bilmas ekaniga ishora.
Yoydan to vodorod bombasiga qadar
Bundan
ming yil avvalgi urush kayfiyatida yurgan hukmdorlar zirhlangan
suvoriylari, kamonu o‘q-yoyi, ko‘zi qonga to‘lgan jangari fillari bilan
raqibini bemalol sarosimaga sola olganini bilamiz.
Yaqin-yaqingacha
esa davlatlar bir-biriga do‘q urganda, qurolli kuchlarini, harbiy
salohiyatini ko‘z-ko‘z qilib, ogohlantirib qo‘yishardi. Qariyb oltmish
yil davom etgan "sovuq urush" davrida atom bombasidan tortib, Yer
sharini "o‘z o‘qidan chiqarib yuborish" darajasidagi qudratli vodorod
bombalari kashf etildi. Ana shu tahlikali jarayonda "kunchiqar yurt"ning
Xirosima va Nagasaki shaharlari aholisi, janubiy-sharqiy Osiyo
mamlakatlarining ko‘plab xalqi aziyat chekdi va undan qolgan asoratlar
haligacha bartaraf qilingani yo‘q...
Yigirma birinchi asrga
kelib, geopolitika maydonida ot o‘ynatib yurgan davlatlar "xavfli
o‘yinchoqlar"dan ongli ravishda voz kechishga mujbur bo‘lmoqda, chunki
garchi siyosiy jihatdan diplomatik munosabatlarning sovuqlashib,
mamlakatlarning bir-birini sayyora xaritasidan «o‘chirib» tashlashga
bo‘lgan intilishi natija bergan taqdirda ham, u ikki tomonning yo‘q
bo‘lib ketishi, ya'ni bir-birini mahv etishi bilan yakunlanadi. Bunday
xotimadan esa na u tomon, na bu taraf naf ko‘radi. Ma'lumki, har qanday
geosiyosat tagida iqtisodiy manfaat yotadi. Shunday ekan, bugungi kunda
barcha davlatlarning turmush tarzi, hayot kechirishi o‘zaro
bog‘langandir.
Ammo bu bilan azaliy kelishmovchiliklar barham
topdi, deb bo‘lmaydi. Ajdodlaridan avlodiga meros qolib kelayotgan bu
kayfiyat hamon tinchlikparvar xalqlarning, millatlarning ko‘nglini
kemirib turibdi. Faqat bugungi kurashlarda asosiy qurol o‘zgargan.
Axborot asosiy kurash vositasiga aylandi.
Eng tansiq "taom"
Axboriy
jamiyat tushunchasi o‘tgan asrning 60-yillarida taniqli siyosatchi va
iqtisodiyot bilimdonlari tomonidan tilga olingan postindustrial jamiyat
kontseptsiyasining uzviy davomi sifatida vujudga keldi. Postindustrial
jamiyat deganda, yuksak darajada sanoatlashgan, ilmiy-texnikaviy inqilob
tufayli barpo etilgan barqaror iqtisodiy turmush tarziga ega tuzilma
ko‘z oldimizga keladi. Bunda yaratilayotgan mo‘'jizaviy ixtirolar
kashfiyot bo‘libgina qolmay, xizmat ko‘rsatishga va shu orqali mislsiz
daromad keltirishga yo‘naltiriladi. Postindustrial jamiyat axboriy
jamiyat qurish yo‘lidagi o‘ziga xos evolyutsion jarayondir.
Axboriy
jamiyat nazariyasi insoniyat tarixidagi hozircha eng so‘nggi tamaddun
bo‘lib, uning asosiy mahsuloti axborot va tafakkurdir. Ahamiyat bergan
bo‘lsangiz, dunyoning juda ko‘p boy kishilari aynan intellekti evaziga
investitsiya jamg‘arishmoqda. Axborotni to‘plash, qayta ishlash va
tarqatish orqali har kecha-kunduzda milliardlab mablag‘ aylanishini
tasavvur qilish qiyinmas. Birgina "Maykrosoft" kompaniyasi orqasidan
minglab aqliy salohiyat sohiblari «suv ichadi». Masalan, internet
tizimidagi brauzer (qidiruv xizmati) xo‘jayinlari saytga kiruvchilarni
chek-chegarasiz ma'lumotlar bilan ohanrabodek chorlab, o‘z navbatida, bu
xaridorlar e'tiboriga yirik korxona va firmalarning mahsulotlari
reklamasini ham havola etish natijasida millionerlarga aylanishdi.
Amerikalik
siyosatchilar axboriy jamiyatning bir qator muhim ko‘rsatkichlarini
sanab o‘tishgan. Axboriy mahsulotlar (ommaviy axborot vositalari
mahsulotlari, madaniyatning turli ko‘rinishlari va hokazo) bora-bora
ichki yalpi mahsulotlar (ishlab chiqarish sanoati, agrosanoat, neft
qazish va metallurgiya) keltirayotgan umumiy daromaddan ortib ketadi.
Yagona global axborot makonini yaratish uchun, birinchidan, har bir
fuqaroning xabar va yangiliklarga bog‘liqlik darajasini oshirish talab
etiladi. Ular bir soatlik vaqtini ham o‘ziga aloqador bo‘lgan axborotsiz
tasavvur qilolmaydigan bo‘lib qoladi. Ikkinchidan, odamlar dunyoviy
jarayonlar: siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ma'naviy, mafkuraviy
voqea-hodisalarga ham taalluqli axborot resurslari bilan ipsiz
bog‘lanishadi. Uchinchidan, kishilarning axborot va axboriy xizmatlarga
bo‘lgan ehtiyoji o‘z vaqtida qondirilishi lozim. Muxtasar aytganda,
bunday jamiyatda axborot eng tansiq "taom" bo‘lib qoladi.
Yangi tamaddun ixtirochilari
Insoniyat
umumtamaddunini taniqli futurolog A.Toffler uchga bo‘ladi: qishloq
xo‘jaligi inqilobi, sanoat inqilobi va axboriy inqilob. Bularning
uchinchisi - "axboriy jamiyat" so‘zining muomalaga kiritilishi bobida
mutaxassislar ikki xil qarashni o‘rtaga tashlamoqda. Ayrimlarining
fikricha, bu birikma yapon hukumatining ishlab chiqarishda strategik
maqsadlarni belgilab olish bo‘yicha mas'ul guruhi tomonidan tayyorlangan
mamlakatlarning istiqboldagi ilmiy, texnikaviy va iqtisodiy
yaratuvchanlikka oid salohiyatini tadqiq etishga mo‘ljallangan maxsus
nutqda tilga olingan.
Ikkinchi toifadagi mutaxassislar esa
axboriy jamiyat tushunchasini dastlab G‘arb siyosatchilari B.Klinton va
A.Gor Milliy ilmiy jamg‘arma konferentsiyasida so‘zlagan nutqlarida
ishlatgan, deyishadi. Axboriy jamiyat qurish dasturi bo‘yicha Yevropa
ekspertlar guruhi rahbari Martin Bangemann bu fikrni o‘sha
konferentsiyadan so‘ng uchta yirik axboriy magistralning bunyod
bo‘lishi, xususan, Kanada, AQSh va Buyuk Britaniya nashrlarining aynan
axboriy jamiyat to‘g‘risidagi davomiy materiallar berishga qat'iy
kirishgani bilan izohlaydi.
1960-yillarning ikkinchi yarmida
"axboriy xuruj" degan atama paydo bo‘ldi. Axborotning jamiyatdagi
ko‘lami, ko‘rsatkichi yuqori sur'atlarda o‘sib bordi. Va bu narsa
ko‘plab davlatlarda axborotga tegishli qonunlar ishlab chiqish hamda
izchillik bilan joriy etishga sabab bo‘ldi.
Ushbu qonunlarda
asosan inson huquqlarini toptash va haqoratlash, tuhmat qilishga
qaratilgan axborotlarni tarqatish hamda daromad orttirish, odamlar
shuurida voqea-hodisalarga nisbatan salbiy fikr uyg‘otish, vahimaga
solish singari xatti-harakatlar jinoyat, deb belgilandi. Axboriy
xurujlardan yurak oldirgan sobiq ittifoq esa o‘z hududi va bu orqali
aholisi ongini «izolyatsiya»ladi. Axboriy jamiyat tushunchasiga qarshi
tsenzurani o‘rnatdi. Lekin shunga qaramay, G‘arb mamlakatlarining
ayrimlaridagi demokratik qarashlar, liberallashuv kurtaklari "axboriy
jamiyat"ning rivojlanishiga zamin yaratdi.
Kun tartibida: axborot xavfsizligi masalasi
Axborot
mo‘maygina daromad manbai bo‘lgach, u bilan jiddiy shug‘ullanishga,
tashkiliy jihatdan uni yetkazib beruvchi vositalarni takomillashtirishga
zarurat tug‘ildi. Mafkuraviy tomondan esa, uni to‘plash va tarqatishda
ehtiyotkorlik masalalariga e'tibor qaratildi, davlatlarning sir
saqlanadigan ma'lumotlari bilan shug‘ullanuvchi alohida axborot
xavfsizligi organlari tuzildi. Bunga parallel ravishda xorijiy
mamlakatlar sirlarini o‘zlashtiruvchi maxfiy razvedka byurolari ham
tashkil etildi.
Bir jihatni hech qachon yoddan chiqarmaslik
kerakki, axboriy jamiyatda yashayotgan har bir shaxs arzimas soatlar
ichida qabul qiluvchi axborotni ongli ravishda saralashga, qiyoslashga,
oqini oqqa, qorasini qoraga ajratishga o‘rganishi shart. Bu nainki
shaxsiy axborot xavfsizligi uchun, balki jamiyatning ma'lum
"xuruj"lardan xoli bo‘lishida asqotadi.
Soha mutaxassisi
F.Maxlup 1960-yillar boshida axborotga ta'rif berayotib, uni
tafakkurning dastlabki mahsuloti, ya'ni xomashyo sanoatining (hali
tayyor bo‘lmagan!) bir turi degandi. Rus olimi V.Glushkov esa uni
jamiyatni taqsimlash va boshqarishda "qog‘ozsiz texnologiya
kontseptsiyasi", deb ko‘rsatgan. Aynan yaponiyaliklarning axborotning
xomashyo sifatida qanchalik qadrli ekanini faol targ‘ib qilishi
oqibatida dunyo bozorida raqobat kuchayib ketgani bor gap. Yapon sanoq
sistemasi va hisoblash mashinalari axboriy jamiyat uchun suv va havodek
zarur bo‘lgan texnoqatlam vazifasini bajargan bo‘lsa, u orqali
"samuray"lar jahon bozorida yetakchilikni qo‘lga oldi.
1980
yilga kelib, axborot sotish va tegishli xizmatlar ko‘rsatish birdaniga
yuqorilab ketdi. Masalan, AQShda o‘sha vaqtdayoq qishloq xo‘jaligi
sohasida 3 foiz, xomashyo ishlab chiqarishda 20 foiz, maishiy xizmat
ko‘rsatish tarmog‘ida 30 foiz va axborot bilan shug‘ullanishda eng ko‘p -
47 foiz aholi band edi.
Axboriy sektor - harakatdagi, tez
o‘suvchi industriyadir. U, o‘z navbatida, minglab odamlarni ish bilan
ta'minlamoqda. AQSh kabelli telesanoatida bugungi kunda 100 ming
nafardan ziyod ishchi faoliyat yuritayapti. Shu kabi jihatlarni
inobatga olib, BMT Bosh Assambleyasi 2006 yil 27 martdagi
rezolyutsiyasida 17 mayni - xalqaro "axboriy jamiyat kuni" sifatida
nishonlash taklifi bilan chiqdi.
"Chegaralar nisbiylashib boraveradi..."
Vaqt
o‘tishi bilan jamoaviy ishlashdan individual mehnat qilish darajasi
ortib boradi va ishchilarning avtomatlashgan markazi yuzaga keladi.
Buning samarasi o‘laroq, odamlar juda ko‘plab ishlarni uyidan ko‘chaga
chiqmay bajarishni uddasidan chiqishadi. Bugungi kunda butun dunyo
bo‘yicha "kompyuterlashtirish" jarayoni kechmoqda. U o‘z o‘rnida
an'anaviy ishlab chiqarish yoki oddiy qilib aytganda, mehnat qilish
tarzini o‘zgartirib yuboradi.
Axboriy jamiyatning eng katta
yutuqlaridan (ayni paytda kamchiligi!) biri - bu chegaralarning
qisqarishi, yo‘qolishi holatidir. Axboriy jamiyat rivojini uch zamonaviy
omil bilan asoslash mumkin, ular - texnokratizm, postindustrializm va
an'anaviy futurologiya.
Mutaxassis D.Bellning fikricha, axboriy
jamiyat postindustrial jamiyatning yangi bosqichi bo‘libgina qolmay,
balki axborot va bilimlarni qayta ishlash jarayonida "ochilgan"
kompyuter inqilobi hamdir.
Professor U.Martin ham uning bu sifat
bilan atalishini tasodifiy emas, deb biladi. Uning dastlabki
qarashlariga ko‘ra, Yaponiya, AQSh va G‘arbiy Yevropada o‘tgan asrning
60, 70-yillaridayoq postindustrial jamiyat ko‘rinishi mavjud edi. U
ilmiy maqolalaridan birida axboriy jamiyatga texnologik, ijtimoiy,
iqtisodiy, siyosiy va madaniy sharh ham berib o‘tadi.
Bu
omillarning har biri axboriy jamiyat qurishda hal qiluvchi ahamiyat kasb
etadi. Masalan, U.Martin siyosiy sharhida aholini ijtimoiy muhofaza
qilish, xalqaro ziddiyatlarga barham berish, hukumat faoliyatini nazorat
qilish orqali to‘planadigan axborotlar erkin tarzda ifoda qilinishi
zarurligi haqida yozadi. Oradan biroz vaqt o‘tib esa u "axboriy jamiyat"
to‘g‘risidagi qarashlarini o‘zgartirib, ushbu hodisani "shunchaki G‘arb
va Yevropa sarmoyadorlari an'analarining o‘zgargan talqini", deb atadi
va bir nechta sifatlarini sanab o‘tdi. Biroq axboriy jamiyat
kontseptsiyasini inkor etolmasligini, u orqali bashariyat turmush tarzi
farovonlashishini, iqtisodiy to‘kin-sochinlikka erishilishini ta'kidlab:
"Bunday jamiyatda hayot standartlari, mehnat va dam olish turlari,
ta'lim hamda bozor tizimi mislsiz darajada taraqqiy etadi", degan
xulosaga keldi.
Xulosa: gegemonlikning sharti o‘zgardi(mi?)
Odamzot
qadim-qadimdan ideal jamiyat qurishni orzu qiladi. Ularga o‘zicha
"yangi dunyo", "adolat olami" deb nom ham qo‘yadi. Axboriy jamiyat
kontseptsiya ko‘rinishiga kelgunga qadar J.Lixtaymning
"postburjuaziya"si, R.Darendorfning "postkapitalizmi", K.Bouldingning
"posttsivilizatsiyalashgan jamiyat"i, G.Kanning "postiqtisodiy jamiyat"i
va R.Barnetning "postneft"ga oid qarashlari biror ahamiyatga egadek edi
go‘yo. Axboriy jamiyat ularning mantiqiy davomi sifatida o‘rganilsa,
"post"larning eng so‘nggisi, ya'ni F.Fukuyama iborasi bilan aytganda
"tarix intihosi"dir. Binobarin, axboriy jamiyatdan so‘ng qanday jamiyat
kelishini Fukuyamagina emas, shu sohada bosh qotirgan faylasuflar ham
bilmaydi...
O‘tgan asr iqtisodi, siyosati va boshqa ijtimoiy
jarayonlarida bilimning, idrok qilish(intuitsiya)ning roli beqiyos
bo‘lgan esa, endilikda uning o‘rnini yangi faoliyat turi -
telekommunikatsiyalar egallaydi. Aniqroq qilib aytganda, "markaziy
pult"ni kompyuter va ommaviy axborot vositalari boshqaradi.
Davlatlararo
ixtiloflar aynan axboriy xurujlar asnosida yuz berib, axboriy kurashlar
qarshiligida davom etadi. Qisqa qilib aytganda, mamlakatlar global
axboriy makonda axborotga egalik qilish uchun kurashadi. Ammo bunday
taraqqiy etgan davrda axborotga muttasil egalik qilishning imkoni yo‘q
hisobi. Shunday ekan, mabodo qaysidir tomon buning uddasidan chiqolsa,
shubhasiz, u dunyo tizginini har jihatdan o‘z qo‘liga oladi. Chunki
yigirma birinchi asrda insoniyatni axborot boshqaradi.
AZAMAT JO'RAYEV