суббота, 8 июня 2013 г.

Qaysi mamlakat aholisi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p vaqtini o‘tkazadi?

 XXI asr – axborot texnologiyalari asri. Bundan o‘n yil avval yashagan odam birdaniga hozirgi davrga tushib qolsa, yuksak
texnologiyalarning bunchalik tez rivojlanib ketganligini ko‘rib, esdan “og‘ib” qolishi ham mumkin. Yashab turgan asrimizning ortda qolgan dastlabki o‘n yilligiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uni
bevosita mobil aloqaning taraqqiyoti va Internet global tarmog‘ining rivojlanishi bilan bog‘lash mumkin. Bundan o‘n yil avval atigi sanoqli kishilargina mobil aloqa vositasidan foydalangan bo‘lsa,
oradan hech qancha o‘tmay, Finlandiyaning Nokia kompaniyasining “sahovati” hamda arzon mobil telefonlarning sotuvga chiqarilishi bilan hatto rivojlanayotgan mamlakatlarda ham aholining katta qismi
uyali aloqadan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yanayam yaqinroq kelaylik, ya’ni dastlabki o‘n yillikning ikkinchi yarmi – 2005-yildan hozirgi kungacha bo‘lgan davr. Ko‘pchilik ekspertlar
qatori biz ham bu davrni bevosita Internetning “ijtimoiylashuvi” bilan bog‘lagan bo‘lardik. Darhaqiqat, AQShda dastlab paydo bo‘lgan Friendster, MySpace kabi ijtimsoiy tarmoqlar bu davrga asos soldi,
desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Biroq, so‘nggi 2-3 yil ichida bu sohaning “otaxonlari” ma’lum darajada undan ortda qolib ketdi, foydalanuvchilarining e’tiboridan qolishga ham ulgurdi. Bunga sabab
sifatida 2004-yilning 1-fevralida Garvard talabasi Mark Sukerberg tomonidan ishga tushirilgan Facebook saytining paydo bo‘lishini keltirish mumkin. Oradan ikki yil o‘tib yana bir boshqa ijtimoiy
tarmoq – Twitter paydo bo‘ldi. Bularning har ikkalasi ham hozirgi kunda dunyodagi eng mashhur ijtimoiy tarmoq saytlariga aylanib ulgurishgan. Xususan, SocialBakers tadqiqot agentligining
ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Facebook foydalanuvchilari soni 700 milliondan oshib ketgan. Twitter foydalanuvchilari soni esa 220 millionga yaqinlashib qolgan. Facebook ijtimoiy tarmog‘ini ham bir
mamlakat deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, u aholisi soni Xitoy va Hindistondan keyingi uchinchi o‘rinni band qilgan bo‘lar edi. Darvoqe, Facebook bu mamlakatlarda hali ko‘p foydalanuvchilarga ega
emas. Xitoyda Facebook sayti hukumat tomonidan taqiqlangan bo‘lsa, Hindistonda esa endi o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Mark Sukerbergning “bolachasi” hali bu ikki malakatni ham zabt etsa bormi…
Maqola nomini o‘qib, uni qiziqish bilan boshladingizu, ammo hanuz u haqda hech narsa o‘qiy olmadingiz? Shundaymi? Men bugungi kundagi ijtimoiy tarmoqlarni ham xuddi shu holatga o‘xshataman, ya’ni
o‘ziga jalb qilishga juda ustayu, lekin pirovardida undan manfaat olish har kimning o‘ziga bog‘liq. Yaxshi, endi asosiy mavzuga o‘tsak. Ijtimoiy tarmoqlar shu darajada rivojlanib ketdiki, bugungi
kunda odamlar kuniga kamida bir marta bo‘lsa ham o‘z “devor”idagi yangilanishlardan xabardor bo‘lishga oshiqib ketadi. Shu kunlarda comScore tadqiqot agentligi tomonidan turli mamlakatlar aholisining
ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan vaqtlari tahlil qilingan hisobot e’lon qilindi. Unga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab Isroil aholisi ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p vaqtini o‘tkazar ekan. Har bir isroillik
bir oyda o‘rtacha 10,7 soat onlayn-muloqotda bo‘lar ekan. Reytingning ikkinchi pog‘onasini ko‘pchilikni, jumladan bizni ham hayratda qoldirgan holda Rossiya egalladi. Ruslar bir oyda o‘rtacha 10,3
soat o‘z vaqtini ijtimoiy tarmoqlar uchun sarflaydi. Biroq, biz yuqorida tilga olgan ijtimoiy tarmoq saytlari Rossiyada unchalik ham mashhur emas. Facebook saytining “g‘irt” ruscha analogi –
“Vkontakte” Rossiyadagi eng mashhur ijtimoiy tarmoq hisoblanadi. LiveInternet ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda “Vkontakte” saytida 100 milllionga yaqin foydalanuvchi mavjud bo‘lib, unga kuniga o‘rtacha
25 million foydalanuvchi tashrif buyuradi. Ikkinchi o‘rinda esa bizning O‘zbekistonda ham o‘zining ko‘p sonli auditoriyasiga ega bo‘lgan “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i egallaydi. Yana LiveInternet
statistikasiga murojaat qiladigan bo‘lsak, “Odnoklassniki”da 45 milliondan ortiq akkaunt mavjud bo‘lib, shulardan 18 millioni har kuni saytga tashrif buyurishadi. Isroil va Rossiyadan keyingi
o‘rinlarda ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p vaqtini o‘tkazuvchi mamlakatlar – Argentina, Filippin, Turkiya, Venesuela va Kolumbiyadir. Bu mamlakatlar aholisi bir oyda o‘rtacha 7-8,5 soat vaqtini
ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi. Buyuk Britaniya va AQShda yashovchilar esa bir oyda o‘rtacha 5 soat umrini ijtimoiy tarmoqda “yashaydilar”. Xo‘sh, bizning o‘zbek foydalanuvchilari o‘zining qancha
vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi? Bu savolga javob yozish uchun hali biroz ertalik qilsa kerak. Chunki, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarning aksariyati poytaxtda yashovchilar ekanligini
inobatga olsak, Internetning bu sohasi bizning mamlakatimizda mashhur bo‘lib ketishi uchun biroz vaqt ketadi. Masalaning boshqa tomoni ham bor. Bunday olib qaraganda, ijtimoiy tarmoqlarning bizga
keragi bormi? Bu savolga ham javob berish har kimning o‘ziga havola. Biz esa shunchaki, bir-ikki statistika bilan cheklanamiz. So‘nggi marta may oyida SocialBakers saytiga tashrif buyurganimizda,
O‘zbekistonda yashovchi Facebook foydalanuvchilari soni 75 mingga yetgan edi. Undan avvalroq, bir tanishimiz bizga O‘zbekistondagi “Odnoklassniki” foydalanuvchilarining soni haqidagi statistik
ma’lumotlarni o‘rtoqlashgan edi. O‘shanda ularning soni 300 mingdan ortiq bo‘lgan. Bizning mamlakatimizda yana “MoyMir” ijtimoiy tarmog‘i ham o‘zining ancha mustahkam, garchi hozir so‘nib borayotgan
bo‘lsa ham, o‘rniga ega. O‘zbekistonda “MoyMir” foydalanuvchilarining aniq soni haqida bir narsa deyish qiyinku, lekin shuni ishonch bilan aytishimiz mumkinki, ularning soni mamlakatimizdagi Facebook
va Twitter foydalanuvchilaridan ko‘p bo‘lishi turgan gap. Aytgancha, O‘zbekistonda Internet foydalanuvchilari soni hozirgi paytda 7 milliondan oshib ketgan bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pini mobil
internet foydalanuvchilari tashkil etadi. WWW.UZ top-reytingida yetakchilikni o‘zida saqlab kelayotgan www.torg.uz saytiga bir kunda o‘rtacha 13-15 ming kishi tashrifi buyurayotganligi hamda
mamlakatimizdagi jami Internet foydalanuvchilari soni o‘rtasidagi farqni solishtiradigan bo‘lsak, bir savol tug‘iladi: Qiziq, bizning shuncha o‘zbek foydalanuvchilari qaysi saytlarda “kezib”
yuribdi?.

1 комментарий: