IJTIMOIY TARMOQNING SIYOSIY «ISHLAR»I
yoxud internetdagi ijtimoiy tarmoqlarning muammoga aylanayotgani xususida
Prezidentimizning
Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida dunyo aholisining
xavfsizligiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar haqida ogohlantirilib, «Bugungi
kunda dunyoda kiberjinoyatchilik, kommunikatsiya texnologiyalaridan
foydalangan holda salbiy informatsion ta’sir o‘tkazish kabi xalqaro
xavfsizlikka nisbatan ilgari ko‘rilmagan xavf-xatarlarning avj
olayotganiga yetarli baho bermasdan, ularning oldini olmasdan, beparvo
bo‘lib yashash mutlaqo mumkin emas.», deya ta’kidlandi.
Dunyoda
yadroviy texnologiyalar va ommaviy qirg‘in qurollariga egalik qilish,
siyosiy va diniy radikalizm, ekstremizm, qurol va odam savdosi,
terrorizm, og‘ufurushlik, etnik hamda millatlararo ziddiyatlar avj
olayotgan bir vaziyatda kommunikatsiya texnologiyalari orqali vujudga
kelayotgan tahdidlarga bejiz alohida e’tibor qaratilmayapti.
Yaqinda
niderlandiyalik yosh bir qiz Youtube orqali yigitlarni tug‘ilgan kuniga
taklif qildi. Aytilgan payt (albatta kechki) belgilangan joyda 3
mingga yaqin yigit to‘plandi. Tug‘ilgan kun egasini kuta-kuta
yig‘ilganlarning toqati-toq bo‘ldi. Oxiri orada janjal ko‘tarildi.
Kimningdir ko‘ylagi yirtildi, kimdir jarohat oldi.
Qiz,
bilibmi-bilmaymi, ijtimoiy tarmoqning qudratli ta’sir kuchidan
yengiltaklik yo‘lida foydalandi. Afsuski, bu qudratli vosita
«mijoz»lari orasida har xil siyosiy kuchlar, hatto davlatlar bor.
Vaholanki, ularning maqsadlari bekorchilikdan ermak uchun yoxud
oqibatini his qilmasdan amalga oshirilmaydi. Oshirilmayapti...
«Arab
bahori» deb nom olgan to‘polonlar va qon to‘kishlarda ijtimoiy
tarmoqlar muhim o‘rin egallaganini hamma biladi. «Bahor»da undan siyosiy
maqsadlarda foydalanildi. U siyosiy kuchlar uchun odamlarni yig‘ib
berdi, ko‘chaga olib chiqdi. Sayyohlik o‘lkasi bo‘lmish birgina Misr
iqtisodiyoti ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan beqarorlik va
g‘alayonlar oqibatida 5 milliard AQSh dollaridan ko‘proq zarar ko‘rgan.
Fuqarolar o‘rtasida esa bo‘linish, dushmanlik kayfiyati paydo bo‘lgan va
bunday tarang ijtimoiy vaziyat hamon mamlakat muvozanatini chayqalgan
holatda ushlab turibdi. Suriyada ijtimoiy tarmoqlar orqali
boshqarilayotgan to‘polonlarda, xorij matbuoti manbalarida qayd
etilishicha, 60 ming aholi halok bo‘lgan, yarim million kishi qochoq
va darbadar yuribdi.
Bugun
internetni turli kuchlar, mafkuralar, buzg‘unchi va xakerlardan
himoyalash, bir so‘z bilan aytganda, xavfsiz internet masalasi dunyo
bo‘ylab dolzarb bo‘lib turibdi. Yaqinda axborot manbalari Yevropa
ittifoqi hududida bir yilda kiberjinoyatchilar firibgarlik yo‘li bilan
1,5 milliard yevroga yaqin mablag‘ topishi haqida xabar tarqatdi.
Ularning daromadi asosan banklardan pul o‘g‘irlash, ijtimoiy tarmoqlar
va bolalar pornografiyasidan to‘planishi ta’kidlanadi.
Kiberjinoyatchilik xurujlari orqali korxonalar, tashkilotlar,
kompaniyalar saytlari va ma’lumotlar bazalariga katta shikast
yetkazilmoqda, ularni tiklashga milliardlab mablag‘lar sarflanayapti.
«Uff.uz»
sayti ma’muriyati sayt o‘tgan yili kiberlarning keng ko‘lamdagi
hujumlariga uchragani va bu ko‘plab noqulayliklar tug‘dirgani haqida
ma’lum qildi. Ayniqsa, kompyuter tarmog‘i orqali fuqarolar nomini
bulg‘ash, yolg‘on ma’lumotlar tarqatish, sha’n va qadr-qimmatni
kamsitish holatlari internetning, xususan, ijtimoiy tarmoqlarning
muammoli masalasi hisoblanadi.
Gazetalarimizdan
biri «Odnoklassniki.ru» ijtimoiy saytida bir xonanda nomidan soxta
400dan ko‘p profil ochilgani va uning nomidan ko‘plab qizlarga xatlar
yo‘llangani haqida yozdi. Hatto bir qiz bilan uchrashuv belgilangan va
«taklif» egasi o‘zi emasligini isbotlaguncha xonanda ancha aziyat
chekkan.
Darhaqiqat,
ushbu tarmoqdan bugungi kunda asosan yoshlar tanishish, do‘stlashish,
eski do‘stlarni qidirish va muloqot o‘rnatish maqsadida foydalanadi.
Bir qarashda, buning yomon tomoni yo‘q. Lekin hamma tanishmoqchi
bo‘lganlarning maqsadi do‘stlik bilan izohlanmasligi ham bor gap. Yoki
hamma yozishmalarni odob-axloq doirasida deb bo‘lmaydi. Axloqsizlik va
andishasizlikka xizmat qiladigan profil va guruhlar ham oz emas.
Aytaylik, «Faqat asal qizlar va kelinoyilar uchun» guruhini olaylik. Bu
guruhga qo‘shilish uchun «asal qiz» yoki «kelinoyi» bo‘lish kerak.
Uning fotogalereyasidagi suratlar ilonni po‘st tashlatishga majbur
qiladi. Yozishmalar odob ko‘chasidan bir bor o‘tmaganlarga taalluqli —
g‘irt behayolik. Guruh a’zolari soni esa kichkina shaharchani
to‘ldirishi mumkin. Shuncha odam yengiltaklik va buzuqlik targ‘ibotiga
xizmat qilishi, vaqtini ana shu bemaza narsaga sarflashi achinarli hol,
albatta.
Feysbuk
ijtimoiy tarmog‘idan foydalanuvchi kopengagenlik Torlou Agusdottir
xonim yuzi qonga belangan momataloq holatdagi «surati» «muallifi»
kimligini izlayapti. Abgor, zo‘rlangan holatni tasvirlovchi ushbu surat
bir necha kun tarmoq ichida paydo bo‘lgani uni g‘azablantirdi va
aybdorning jazolanishini xohlamoqda. Mutaxassislar fikricha, uning
kamsitilgan huquqlari tiklanishi imkoniyati juda kam. Birinchidan,
shunday suratni yaratgan mazaxist kiberfiribgarni topish ancha mushkul.
Ikkinchidan, tarmoq operatorida buning uchun javobgarlik mas’uliyati
yo‘q. Eng yomoni, yolg‘on, tuhmat, qadr-qimmatni kamsituvchi axborot
tarqatib bo‘lindi. Uning oqibat va zararini bartaraf qilib bo‘lmaydi.
Undan ham xavotirlisi — shu kabi holatlar ijtimoiy tarmoq orqali yana
takrorlanmasligiga hech qanday kafolat yo‘q va bu tarmoq ichida tez-tez
uchrab turadigan hodisa hisoblanadi.
—
Nazarimda, odamlar bugun ikki: real va virtual dunyoda istiqomat
qilayapti. Ayrimlar faqat birinchisi bilan cheklangan bo‘lsa, boshqalar
ikkinchisida ko‘proq band va unga ortiqroq ishonadi, — deydi
O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti Internet
jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi, fan nomzodi
Nozima Murodova. — Tadqiqotlarga qaraganda, dunyo aholisi
axborotni asosan internetdan olmoqda. Unda esa hamma narsa aralash — oq
bilan qora, yaxshi bilan yomon. Tezkorlik va turli ko‘rinishlarda
informatsiya tarqatish imkoniyati, auditoriyaning qayta aloqaga chiqishi
uchun mavjud qulayliklar biznes, tadbirkorlik, reklama, ommaviy
aloqalar (PR) hamda axborot xizmatlari uchun katta axborot maydonini
yaratayotgan bo‘lsa, shu bilan birga, uni chegara va nazorat qilishning
imkoni yo‘q — buzg‘unchi g‘oyalar, terroristik da’vatlar, pornografiya
va hokazolarni uchratish mumkin. Aytaylik, virtual olam — internet
orqali terroristik tashkilotlar ham o‘zlariga hudud yaratgan.
Fohishalik aynan internet xizmati orqali amalga oshirilmoqda. Odam
savdosining umumdunyo miqyosida yoyilishida uning imkoniyatlaridan
foydalanilayapti.
Ijtimoiy
tarmoqlar fikr va tajriba almashish, ma’lum bir soha vakillari
o‘rtasida muloqot o‘rnatish kabi maqsadlarga xizmat qilishi lozim.
Afsuski, iste’molchi tomonidan bu tarmoqlar ko‘proq ermak,
ko‘ngilxushlik uchun tanlanmoqda. «Odnoklassniki.ru»ni olaylik. Unga MDH
davlatlari o‘rtasida eng ko‘p murojaat qiladiganlar soni bo‘yicha biz
oldingi o‘rindamiz. Shu bois tarmoq operatorlari o‘zbek tili variantini
ham aynan ehtiyojdan kelib chiqib joriy qildi. Lotin Amerikasi
mamlakatlarida milliy ijtimoiy tarmoqlar rivojiga alohida e’tibor
qaratilgani bois, chet domenlardagi ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri sust.
Ushbu tajriba e’tiborli, albatta. Milliy domenimizda yaratilgan
«Fikr.uz», «Muloqot.uz», «Sinfdosh.uz», «Olam.uz» kabi ijtimoiy
tarmoqlar ishini yanada rivojlantirish va kengaytirish milliy
manfaatlarimizga xizmat qilishi shubhasiz. Chunki axborot xavfsizligi
milliy xavfsizlikning muhim bir qismi, virtual dunyoni mutlaqo
nazoratsiz qo‘yish real dunyoda ko‘plab buzg‘unchiliklarni keltirib
chiqaradi.
Mutaxassislar
fikricha, filtrlarni qo‘llash va internetdan foydalanishni cheklash
doim ham ko‘zlangan maqsadga olib kelmaydi. Bu borada e’tibor
qaratilishi lozim bo‘lgan jihat, avvalo, odamlarning informatsion
madaniyatini oshirish, mediata’lim yo‘nalishida ish olib borishdir.
Chunki axborot ummonida asosiy ob’ekt inson ongi hisoblanadi. Shu sabab,
aholini axborot olish va tarqatish madaniyatiga o‘rgatish,
informatsion hududda o‘zini tutish qonun va qoidalarini ko‘rsatish
kerak. Ana shularni inobatga olgan holda axborot oqimlarini ma’rifiy va
ta’limiy yo‘nalishda ishlatish axborot xavfsizligini ta’minlashda
hamda bu borada kuchli immunitetni hosil qilishda foydali natija
berishi mumkin.
Darhaqiqat,
bolalar va o‘smirlar uchun milliy internet o‘yinlarini yaratish,
«Ziyo-net»ga o‘xshash ma’rifiy tarmoqlar sonini ko‘paytirish va
imkoniyatlarini kengaytirish lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, dunyo
tajribasi aholini, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ommaviy
axborot va kommunikatsiya tizimlarining globallashuvi jarayonida axborot
xurujlari va tahdidlaridan himoyalashda nafaqat ma’rifiy va axboriy,
shu bilan birga, huquqiy hamda texnologik resurs va mexanizmlarni
safarbar qilishni, shuningdek, takomillashtirishni talab etadi.
Rivojlangan davlatlar tajribasida tajovuzkor hamda odob doirasidan
tashqaridagi saytlar, bloglar va portallarga milliy hududda texnik
jihatdan blok qo‘yish yoki cheklovchi kalit so‘zlar ro‘yxatini yaratish,
filtrlash amaliyoti mavjud.
— Shaxs,
jamiyat va davlatning manfaatlarini ko‘zlab, axborot sohasini ichki va
tashqi tahdidlardan himoyalashda, albatta, axborot xavfsizligining
huquqiy ta’minlanganligi muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Oliy
Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi, Axborot va
kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi Dilbar
Xoliqova. — Shuning uchun qator xorijiy davlatlar
qonunchiligida internet tarmoqlaridagi axborot, kommunikatsiya va
axborot xizmatlari zararli mazmunining ma’lum bir belgilari bo‘yicha
cheklovlar mavjud. Masalan, ko‘pchilik Osiyo davlatlarida internet
pornografiyasi qattiq nazoratga olinadi va ta’qib qilinadi. Fransiyada
identifikatsiya qilinmagan fuqarolarga xostingdan foydalanishga yo‘l
qo‘ygan internet provayderlari uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Qonunga binoan mahalliy serverlar orqali axborot tarqatayotgan saytdagi
barcha mualliflar o‘zi haqidagi hamma ma’lumotlarni berishga majbur.
Agar ushbu ma’lumotlar yolg‘on bo‘lsa, uni uzatgan muallifiga 6 oygacha
qamoq jazosi beriladi. Avstraliya qonunchiligi ham provayderlarga
alohida majburiyatlar yuklaydi. Ayrim davlatlarda bolalarning sog‘ligi
va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish va
internet tarmog‘idagi qonunga xilof axborotdan chegaralashni belgilovchi
qonun qabul qilingan.
Axborot
mazmuniga oid shikoyatlar tizimi ishlashini huquqiy jihatdan tartibga
solish, shartli vositalar orqali, ya’ni kodlar, shifr va parol yordamida
axborotdan foydalanish bo‘yicha ijobiy xorijiy tajribalardan
foydalanish lozim, deb o‘ylayman.
Kompyuter
va axborotlashtirish sohasidagi qonunbuzarlik holatlariga barham berish
maqsadida qonunlarimiz takomillashib bormoqda. Jumladan, 2007 yilda
qabul qilingan «Axborotlashtirish va ma’lumotlar uzatish sohasida
qonunga xilof harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik
kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim
qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi
qonunga muvofiq ushbu sohaga doir javobgarlik kengaytirildi va
kuchaytirildi. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning
155-moddasi («Axborotdan foydalanish qoidalarini buzish») 155-1-modda
bilan to‘ldirildi («Kompyuter tizimidan foydalanish qoidalarini
buzish»). Jinoyat kodeksiga esa «Axborot texnologiyalari sohasidagi
jinoyat» degan alohida bob kiritildi. Undagi 6 ta modda
axborotlashtirish qoidalarini buzish, kompyuter axborotidan qonunga
xilof ravishda ruxsatsiz foydalanish, undan ruxsatsiz foydalanish uchun
maxsus vositalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab tayyorlash, o‘tkazish va
tarqatish, modifikatsiyalashtirish, kompyuter sabotaji, zarar
keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish kabi
xatti-harakatlarga jinoiy javobgarlikni belgilaydi. Vaholanki, ilgari
bu borada bitta — 174-modda («axborotlashtirish qoidalarini buzish»)
mavjud edi xolos va kompyuter sohasidagi munosabatlarni yetarlicha
qamrab ololmasdi.
Afsuski,
dunyoda kiberfiribgarlik, axloqsizlik va jinoyatning turlari va
usullari tobora ko‘payib bormoqda. Ularga nisbatan qonunchilikni yanada
takomillashtirish, aholining xolis axborot va xavfsiz internetga bo‘lgan
huquqlarini yetarli himoya qilish bugungi kun talabi hisoblanadi.
Axborot
xavfsizligi — tizimli jarayon. Dunyoda sodir bo‘layotgan hozirgi
voqea-hodisalardan kelib chiqib, davlat hokimiyati va boshqaruvi
organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda siyosiy partiyalar
veb-saytlarini yanada rivojlantirish, unda, ayniqsa, muloqot, aloqa va
savol-javob xizmatlarini kuchaytirish talab etiladi.
Ayniqsa,
axborot tarqatishga mo‘ljallangan saytlar ishini takomillashtirish
zarur bo‘ladi. G‘oyaviy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy, badiiy, sport,
harbiy-vatanparvarlik, milliy o‘yinlar va boshqa yo‘nalishlarda milliy
axborot resurslarini rivojlantirish — bugungi kun talabi. Fuqarolarning
axborot chanqoqligi qondirilmasa, u boshqa manba qidiradi, uni boshqalar
qondiradi. Darhaqiqat, axborot xavfsizligi — barqarorlikning sharti,
xavfsizlik kafolati hamda tinchlikning garovi hisoblanadi.
Akbar JonuzoQov
Комментариев нет:
Отправить комментарий