пятница, 8 ноября 2013 г.


Germaniya: to‘rtinchi hokimiyat qanday ishlashi kerak?

Germaniya – matbuot vatani. Shu mamlakatda ilk bor bosma dastgoh ixtiro qilingan. Iogan Gutenbergning XV asrdagi kashfiyoti jahon taraqqiyotini bir necha asr ilgariga boshladi. Ushbu zaminda dastlabki ko‘p adadli gazetalar dunyo yuzini ko‘rdi, birinchilardan bo‘lib "to‘rtinchi hokimiyat" maqomiga ega bo‘lgan, demokratik tamoyillarga asoslangan erkin jurnalistika shakllandi.

Germaniya jurnalistikasi garchi yigirmanchi yuz yillikda Birinchi jahon urushi, natsistlar boshqaruvi va Ikkinchi jahon urushi kabi fojiaviy voqeliklarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, o‘zini o‘nglay oldi, so‘z erkinligi, jamiyat oldidagi mas'uliyat kabi azaliy qadriyatlarni qayta tikladi. Bugun ushbu mamlakat jurnalistlarining ilg‘or tajribasi dunyo davlatlari uchun o‘ziga xos mahorat maktabi vazifasini o‘tayotgani ham ana shundan.

Germaniyada so‘z va matbuot erkinligi konstitutsiyaviy asosda kafolatlangan. Asosiy Qonunning 5-moddasida fikrlash, axborot va matbuot erkinligi ustuvorligi, senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi ta'kidlanadi. Bundan tashqari, federal konstitutsiyaviy sud qarorlari, xalqaro huquq me'yorlari, federal yerlar (mamlakatda ma'muriy birliklar ana shunday ataladi)ning ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunlari ham matbuot erkinligi muhofazasiga xizmat qiladi.

Olmoniyada matbuotning besh asrlik tarixi davomida o‘ziga xos qiyofaga ega jurnalistika shakllangan. Bu yerda davlatga qarashli nashrlar, teleradiokanallar mavjud emas, barcha ommaviy axborot vositalari xususiy yoki jamoat mulki sanaladi.

Matbuot bozorida hududiy nashrlar yetakchi o‘rin tutadi, umummilliy nashrlar salmog‘i ko‘p emas. Mamlakatda o‘n bitta umummilliy kundalik gazeta chop etiladi, hududiy nashrlar miqdori 340taga yaqin. Darvoqe, olmonlar – eng ko‘p gazeta o‘qiydigan xalqlardan biri. Mamlakat dunyoda kundalik gazetalarning har ming kishiga to‘g‘ri keladigan miqdori bo‘yicha Yaponiya, Buyuk Britaniya, Shveysariyadan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi. Bu yerda har kuni 23 million nusxada kundalik gazeta nashr qilinadi.

Eng yirik kundalik nashrlar qatorida "Süddeutsche Zeitung" (425 ming nusxada chiqadi), "Frankfurter Allgemeine Zeitung" (368 ming), "Die Welt" (234 ming), "Handelsblatt" (143 ming) gazetalarini e'tirof etish mumkin. Mazkur umummilliy gazetalarda muhim siyosiy masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, xalqaro hayotga doir yangiliklar berib boriladi.

Germaniyadagi eng katta tirajli gazeta – "Bild" 4 million nusxada chop etiladi (Boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi bu yurtda ham eng ko‘p o‘qiladigan gazeta ko‘ngilochar mavzularga ixtisoslashgan). Gazetalarning yakshanba kungi sonini tayyorlashga alohida e'tibor beriladi. Chunki dam olish kuni gazeta mutolaa qilish olmonlar uchun eng sevimli mashg‘ulotlar sirasiga kiradi. Bu kunda chiqadigan gazetalar hajmi har kungidan kattaroq va maxsus ilovalarga boy. Masalan, "Bild am Sonntag", "Welt am Sonntag", "Sonntag Aktuell", "Frankfurter Allgemeine Sonntagszeitung" kabi yakshanba nashrlarini millionlab o‘quvchilar mutolaa qiladi.

Nemis matbuotining o‘ziga xos jihatlaridan biri – bu yerda jurnallarning ahamiyati juda katta ekanligidir. Mamlakatda 20 ming nomdagi ommabop jurnal chop etiladi (umumiy adadi 200 million). Oylik yoki haftalik jurnallarning tiraji kundalik gazetalardan ham ko‘p. "Der Spiegel" (1 mln. 115 ming), "Stern" (1 mln. 50 ming), "Focus" (790 ming) jurnallari eng ommabop nashrlar deb tan olingan.

Germaniya matbuoti ramzi deya e'tirof etiladigan "Der Spiegel" ("Shpigel" - o‘zbekchada "Oyna" ma'nosini bildiradi) jurnali Gamburg shahrida chop etiladi. Tahririyat ijodni tijorat bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirgan. Mushtariylar bilan ishlash bo‘limi rahbari Katrin Stokingerga ko‘ra, "Hozirgi axborot jamiyati sharoitida ommaviy axborot vositalari xodimlari radio, TV jurnalisti yoki gazetchi emas, umumiy ma'noda universal jurnalist bo‘lishi kerak. "Der Spiegel" ana shunday mezonlar asosida ishlaydi".

Stokinger xonimning aytganicha bor. 1947 yildan chiqa boshlagan jurnal hozirda yirik birlashmaga aylanib ketgan. Konsernda 1250 xodim ishlaydi. Amsterdam, Parij, Rim, London, Vashington, Moskva kabi dunyoning 30ga yaqin yirik shaharlarida o‘z muxbirlari bor. Konsern o‘z telekanali ("Shpiegel-TV") va Germaniyadagi eng ommabop sanalgan Internet sayti (Shpiegel-online)ga ega. Bundan tashqari, uyali aloqa telefonlariga xabar, ma'lumot jo‘natishga mo‘ljallangan "Shpiegel-mobil" xizmati ham mavjud. Bu yerdagi jurnalistlar "Shpiegel"ning istagan bo‘linmasida ishlab keta oladigan universal qobiliyatga ega bo‘lishi kerak.

Olmon matbuot bozorida birlashish (konsentratsiya) jarayoni yaqqol ko‘zga tashlanadi. Gazetalar tobora kuchayib borayotgan raqobat sharoitida iqtisodiy muammolarni birgalikda hal etish, hamkorlikda reklama manbalarini topish uchun birlashmoqda. "Axel Springer Verlag", "Bertelsmann group", "Heinrich Bauer Verlag" kabi mediaguruhlar matbuot bozorida katta mavqega ega. Masalan, "Axel Springer Verlag" konserni "Bild", "Die Welt", "Bild am Sonntag", "Welt am Sonntag" kabi yetakchi nashrlarga egalik qiladi. Kundalik nashrlarning 24 foizi ushbu mediaguruh nazoratida.

So‘nggi yillarda boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi Germaniyada ham matbuot nashrlari tirajining tushishi kuzatilmoqda. Gazetalarning asosiy o‘quvchilari keksa yoshdagi aholi guruhi bo‘lib qolayapti. Yoshlar esa yangiliklarni Internet orqali olishni afzal ko‘rayotir. Internetning an'anaviy OAV uchun jiddiy raqobatchiga aylangani Germaniyada kuchliroq seziladi. Chunki voyaga yetgan aholi guruhining deyarli 55 foizi xalqaro tarmoqdan foydalanish imkoniyatiga ega. Bunday sharoitda esa Netzzeitung kabi mustaqil Internet saytlar yoki Spiegel-online kabi an'anaviy matbuot nashrlarining veb sahifalari tobora kengayib bormoqda.

Axborot bozoridagi kurashda TV va radio ham matbuot uchun asosiy raqobatchi bo‘lib qolayapti. Albatta, texnik va ijodiy imkoniyatlari ancha yuqori bo‘lgan elektron OAV barcha mamlakatlarda ham matbuotdan ko‘ra ko‘proq auditoriyaga ega. Tadqiqotlarga ko‘ra, olmon xalqi har kuni o‘n soat vaqtini ommaviy axborot vositalari bilan tanishishga sarflaydi. Ushbu vaqtning OAV turlari bo‘yicha taqsimlanishi esa quyidagicha: 221 daqiqa – radio, 220 daqiqa – TV, 44 daqiqa – Internet, 28 daqiqa – kundalik gazeta, 25 daqiqa – kitob, 12 daqiqa – jurnal uchun.

Ayni paytda mamlakatda 70 mingdan oshiq professional jurnalist faoliyat yuritadi. Oxirgi yillarda tahririyatlar shtati tobora qisqarib borayotgani tufayli aksariyat jurnalistlar erkin ijodkor (frilanser) sifatida ishlamoqda. Ular bir paytning o‘zida ko‘plab nashrlar bilan ijodiy hamkorlik qilishni afzal ko‘rmoqdalar.

Taraqqiyot g‘ildiragi barcha davrlardan ham shiddatliroq aylanayotgan bugungi kunda jurnalistikada axloqiy me’yorlar muammosi ko‘p xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Bu borada Germaniya tajribasi asqotishi mumkin. Ikkinchi jahon urushidan keyin matbuot erkinligi va jurnalistlar mas'uliyati borasida munozaralar kuchaygan paytda bir guruh ijodkorlarning tashabbusi bilan Germaniya Matbuot kengashi (German Press Council) tashkil etilgan. Yetakchi jurnalistlar, tajribali bosh muharrirlar, sohaning taniqli mutaxassislaridan tashkil topgan kengash bevosita jurnalistlar axloq kodeksiga rioya etilishini kuzatib boradi. Mazkur jamoat tashkiloti a'zosi, doktor Maykl Rediskening aytishicha, Matbuot kengashi qonuniy majburlov kuchiga ega emas. Lekin hamkasblar tomonidan etika qoidalari buzilgan taqdirda kengash ushbu holat bo‘yicha tavsiya xarakteriga ega bo‘lgan qarorlar qabul qiladi. Axloqiy me'yorlarni buzgan jurnalist xatti-harakati muhokama etiladi. "Bu aynan jurnalistikaning o‘z-o‘zini muvofiqlashtirish tamoyili", deya kengash faoliyatini izohlaydi u.

Axborot olish erkinligi tamoyili – jurnalistikaning muhim talablaridan biri. Lekin har qanday rivojlangan jamiyatda ham jurnalistlarning boshqaruv idoralaridan axborot olishi oson kechmagan. Germaniyada davlat idoralari va matbuot o‘rtasida aloqalarni muvofiqlashtirish, jurnalistlarni kerakli axborot bilan ta'minlash maqsadida 1949 yili Bundespressekonferenz (Federal matbuot anjumani) tuzilmasiga asos solingan. Federal matbuot anjumani olmon jurnalistlari uchun axborot olishning eng qulay vositalaridan biri sanaladi. Yarim asr davomida shakllangan qoida bo‘yicha haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari maxsus ajratilgan binoda matbuot anjumanlari o‘tkaziladi. Unda Germaniya hukumat rahbari – kanslerdan tortib barcha vazirliklarning matbuot kotiblari ishtirok etadi va jurnalistlar savollariga javob beradi. Muhim siyosiy hodisalar ro‘y bergan vaziyatlarda matbuot anjumanlarida kansler va vazirlarning o‘zi hozir bo‘ladi. Bu “Davlatning barqarorligi matbuot erkinligiga bog‘liq” degan demokratik qoidaga sodiqlik ifodasidir.


Sobirjon Yoqubov 
Azamat Jurayev

четверг, 7 ноября 2013 г.


АФҒОНИСТОНДАГИ ГЕОСИЁСИЙ ВАЗИЯТ ВА УНГА ЎЗБЕКИСТОННИНГ МУНОСАБАТИ

Ўзбекистон Республикасининг Президенти И.А. Каримов БМТ, ЕҲҲТ, Шанхай ҳамкорлик ташкилоти, НАТО ва бошқа халқаро ташкилотларнинг минбарларидан сўзлаган нутқларида минтақавий ва миллий кўламдаги ҳалқаро терроризмга қарши курашда ҳамкорликни кучайтириш лозимлигини бир неча бор таъкидлаган эди. 2008 йил апрель ойида Бухарестда ўтказилган НАТО саммитида Ўзбекистон Президенти Ислом Каримов тамонидан илгари сурилган ташаббуслар ўта муҳимлиги билан ажралиб туради.
 Ўзбекистон Афғонистон билан чегарадош давлатлардан бири сифатида ушбу давлатнинг кўп йиллик можародан олиб чиқиш ва келгуси иқтисодий ўсишини таъминлаш борасида муайян таклифларга эга. Шу сабабдан Ўзбекистон Президентининг кенг қамровли ва ҳаётий “6+3” ташаббуси янада кенг ҳаракатлар учун пойдевор бўлиб хизмат қилиши мумкин. Бу эса бундан кейин Афғонистондаги геосиёсий вазиятни яхшиланиши учун хизмат қилади. Шу ўринда бир савол туғилади. Нега Ўзбекистон бунчалик Афғонистон учун жон куйдириб келмоқда? Бунга жуда кўплаб мисоллар келтириш мумкин. Ҳалқимизда “Қўшнинг тинч – сен тинч” деган мақол бор. Биринчидан, Афғонистонда 3 миллиондан ортиқ ўзбеклар истиқомат қилишади. Иккинчидан, бирон-бир давлатнинг ривожланиши албатта унга қўшни давлатлар билан ҳам боғлиқдир. Афғонистонда вазият яхши бўлмас экан, Ўзбекистон ҳеч қачон хотиржам бўла олмайди.

Шу ўринда айтиш лозимки, Афғонистонда ҳозир Толибонлардан кўра “Ал-Қоида” ташкилотининг фаолияти хавфлироқ. Масалан, НАТО халқаро ҳамжамиятга Афғонистондаги толибон жангарилари қаршилиги камайганлигини маълум қилди. АҚШ, Афғонистон ва НАТОнинг 15 минг аскари иштирок этаётган “Муштарак” деб номланган ҳарбий амалиёт давом этмоқда. Унинг асосий мақсади Толибон харакатининг бош қароргоҳи ҳисобланаган Маржоҳ шаҳрини Афғонистон ҳукумат назоратига олишдан иборат. Бу Толибон харакати 2001 йилда хокимиятдан ағдарилганидан бери Афғонистонда ўтказилган энг йирик ҳарбий амалиётдир. 
Афғонистон масаласи бўйича 2010 йил 28 январда Лондонда 70 га яқин давлат вакиллари иштирок этган йирик халқаро анжумандан кейин Президент Ҳамид Карзай Афғонистон бўйича янги ишлаб чиқилган тинчлик дастурида янги иш жойларини яратиш, хавфсизликни таъминлаш ҳамда ўз қуролларини топшириб, жамиятга қўшилиш истагини билдирган Толибларга касб-ҳунар ўрганиши учун уларни тайёргарликдан ўтказишни маълум қилган. Бу лойиҳани амалга ошириш учун ҳукумат жорий йилда 140 миллион доллар ажратишни маълум қилган. АҚШнинг Афғонистонга оид стратегиясида 2011 йилнинг июль ойидан бошлаб, мамлакатда хавфсизликни таъминлаш масъулияти маҳаллий кучларга топширилиб, АҚШ қўшини олиб чиқиб кетилиши мўлжалланган. Ҳозирги пайтда Афғонистон Мудофаа вазирлиги афғон миллий армияси сафини кенгайтиришни режалаштирмоқда. Мудофаа вазирлиги миллий армия сафига аёлларни ҳам олишни режалаштирган. Ва икки йилдан сунг миллий армиянинг шахсий таркиби 171 минг кишига етади.
Тинимсиз фуқаролар уруши давом этиб келганлиги учун мамлакатда иқтисодий аҳвол ниҳоятда оғир. Бу ҳол Афғонистоннинг демографик вазиятида ҳам яққол кўзга ташланади. 2008 йил маълумотларига кўра, мамлакатда туғилиш (ҳар 1000 аҳолига нисбатан 39 киши) билан бир қаторда ўлим (18 киши) кўрсаткичи юқори. 65 ёшдан юқори бўлган кексалар жами аҳолининг 2 фоизини ташкил этади (дунё бўйича у ўртача 8 фоиз). Мамлакатнинг болалар ўлими бўйича дунёда биринчи ўринда туриши (ҳар 1000 та янги туғилган чақалоқдан 155 таси вафот этган) айниқса қайғули ҳолдир. Бу кўрсаткичлар мамлакатдаги иқтисодий аҳволнинг ўта оғирлигини яна бир бор тасдиқлайди.
Хўш, Ўзбекистон Афғонистондаги вазиятни яхшилаш бўйича қандай ишларни амалга оширмоқда? Шу ўринда Афғонистондаги геосиёсий вазиятни янгича ҳал этиш тўғрисида дунёнинг энг йирик ахбoрот агентлигига кирувчи “United Press International” (UPI) халқаро ахборот агентлиги “Четдан назар: Ўзбекистоннинг Афғонистон бўйича таклифи аҳамиятли ва долзарбдир – Афғонистон: нега “6+3”=?” сарлавҳали мақоласини чоп этди. Мақола муаллифи, таниқли ҳалқаро журналист, Жон Хопкинс Университети қошидаги Марказий Осиё ва Кавказ институти тадқиқотчиси Жон Дейли Ўзбекистон Республикаси Президенти И.А. Каримовни “6+3” мулоқот гуруҳининг ташаббуси билан Афғонистон муаммосини ҳарбий ҳаракатларсиз бартараф этиш мумкин, деган фикрларини юқори баҳолаган. Президент И.А. Каримов “6+3” мулоқот гуруҳи аъзолари тамонидан Афғонистон бўйича ягона узоқ муддатли стратегияни шакллантириш ва ҳалқаро ҳамжамият кўмагида миллий муросага эришишнинг янги моделини ишлаб чиқиш мумкинлигини таъкидланган. “6+3” мулоқот гуруҳига Ўзбекистон, Тожикистон, Туркманистон, Покистон, Хитой, Эрон, шунингдек, АҚШ ва Россия ҳамда Афғонистонда аксилтеррор харакатларини амалга ошираётган НАТО ташкилотидан иборатдир.
Ҳозирги пайтда Ўзбекистон қўшни мамлакат иқтисодиётини тиклаш учун Афғонистонга кенг миқёсли ёрдам кўрсатмоқда. Охирги йилларда темир йўлларни қуриш, электр энергияси билан таъминлаш, қазилма ишларини, қишлоқ хўжалигини, ирригация, таълим ва мутахассислар алмашинувини ривожлантириш ҳамда қурилиш асбоб-ускуналари, металл, ўғитлар, озиқ-овқат ва бошқа маҳсулотлар билан таъминлаш каби соҳаларда жуда кўплаб икки томонлама ҳамкорлик алоқалари амалга оширилди. Осиё Тараққиёти банки кўмагида Ўзбекистон Афғонистоннинг шимолий вилоятларини бошқа давлатлар билан боғлаб турган ягона “Термиз-Ҳайратон” темир йўли тармоғини модернизация қилишда ёрдам бермоқда ва “Термиз – Мозари-Шариф” темир йўл қурилишини амалга оширмоқда. Ўзбекистоннинг транзит соҳасидаги кўрсатган яна бир ёрдами бу жорий йилнинг февраль ойида фойдаланишга топширилган НАТОнинг Шимолий Тақсимловчи Тармоғи таркибидаги сўнгги темир йўл тармоғини жойлаштиришдир.
Бугунги кунда Афғонистонда нисбатан тинч бунёдкорлик ишлари олиб борилмоқда. Тинчликни умуман барҳам топтириш учун Халқаро ҳамжамият бу борада Афғонистонга зарур ёрдамни бераётир. Тўғри, 20 йиллик фуқаролар урушидан сўнг Афғонистон иқтисодиётини қайта тиклаш, мустаҳкамлаш, сиёсий барқарорликни қарор топтириш иши осон кечмайди.

АЗАМАТ ЖУРАЕВ

Axborot xuruji: Isroilning ko’rinmas urushi. 

1967-yil Suriya, Iordaniya, Misr va Isroil o’rtasida kelib chiqqan olti kunlik urush natijasida G’arbiy Sohil, G’azo Sektori va Sharqiy Quddus Isroil askarlari tomonidan bosib olindi.

Shu yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Isroilni bosib olingan hududlarni zudlik bilan tark etishga chaqiruvchi 242-Rezolyutsiya qabul qildi.

Isroil haligacha Rezolyutsiya talablarini bajargani yo’q. Uch milliondan ortiq falastinlik qariyb yarim asrdan beri noqonuniy harbiy bosqin ostida yashamoqda.

Saytimizda mazkur xalqaro mojaro haqida yozishga qaror qidik. Bu mavzudagi maqolalarimiz bir necha qismdan iborat bo’ladi va ularda Isroil davlati amalga oshirgan va oshirayotgan turli siyosiy va harbiy amaliyotlar tahlil qilinadi. Isroil bosqinining xalqaro huquqdagi o’rniga ham alohida to’xtalib o’tamiz.

Birinchi maqolada Isroil olib borayotgan ko’rinmas urushlardan biri – axborot xuruji haqida hikoya qilmoqchimiz. Bu urushda AQSh ommaviy axborot vositalari yahudiylar davlatiga qanday yordam ko’rsatayotgani maqolaning asosiy mavzusi bo’ladi.
    G’azo Sektori bu oy yana urush alangasiga chulg’andi. Isroil samolyotlari hududni bir haftadan ortiq havodan o’qqa tutdi. Hujumlarda 160 dan ortiq falastinlik halok bo’ldi. Hamas otgan raketa o’qlaridan besh isroillik o’lgani ma’lum.
    Xalqaro Amnistiya tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, Isroil harbiy kuchlari bosib olingan hududlarda muntazam ravishda inson huquqlarini poymol etib keladi. Noqonuniy odam o’ldirish, mahkumlarni qiynoqqa solish, xo’rlash, ichida odam bo’laturib uylarni buzib tashlash, tez tibbiy yordam mashinalarini o’tkazmaslik, gumanitar yordam ko’rsatishdan bosh tortish hamda Falastin tinch aholisidan jonli to’siq sifatida foydalanish. Bular xalqaro huquq tilida urush jinoyatlari deb ataladi.
    Isroildagi “Adolatli tinchlik uchun ayollar” koalitsiyasi yetakchisi Gila Svirski Falastindagi kundalik hayotni shunday tasvirlaydi:
     “Zulm shunchalikka borib yetadiki, favqulodda holatlar e’lon qilinganda, falastinliklar kunlab o’z uylaridan tashqariga chiqa olmaydi, – deydi u. – Sababi oddiy, Isroil harbiylari ularni ko’chalarda ko’rishni xohlamaydi. Bu degani, ular oziq-ovqat ham sotib ololmaydi, farzandlarini maktabga yuborolmaydi, hatto ko’chani kesib qo’shnisinikiga chiqolmaydi. Bemor bo’lsa, tibbiy yordam ham ololmaydi. Xullas, uydan chiqib bajarish lozim bo’lgan eng muhim yumushlardan birortasini qila olmaydi. Bunday hayot kechirish dahshatning o’zginasi”.

Amerikalik faylasuf va siyosatshunos Noam Chomskiga ko’ra, Isroil bosqini zamonaviy tarixdagi eng uzun davom etgan harbiy jinoyatdir:

“G’arbiy Sohil va G’azo Sektori harbiy bosqin ostida. Bu zamonaviy tarixdagi eng uzoq davom etgan bosqin. Bu bosqin o’ta qattiq va shafqatsiz bo’lib, boshidan zo’ravonlik asosiga qurilgan. Hayot aholi uchun yashash mumkin bo’lmagan bir darajaga keltirilgan”, – deydi u.
Axborot qanday qurol? Zamonaviy dunyoda urushdan g’olib chiqish uchun harbiy salohiyatning o’zi kamlik qiladi. Buning uchun g’oliblikka da’vogar taraf BMT soyasida turgan xalqaro hamjamiyatni adolatli urush olib borayotganiga ishontirishi ham lozim. Isroil buni yaxshi biladi.

Shu maqsad yo’lida Isroil, avvalo, dunyo lideri, demokratiyaning otasi va axborot asrining bayroqdori AQShning qo’llab-quvvatlovini qo’lga kiritgan. Amerika hukumati yahudiylar davlati paydo bo’lgandan beri Isroilning eng yaqin do’sti. Isroilga qarshi BMT Xavfsizlik Kengashi qabul qilgan ko’plab rezolyutsiyalar, aynan, AQShning vetosiga uchragani bois Falastinda insoniyatga qarshi sodir etilgan ko’plab jinoyatlar hanuz jazosiz qolmoqda. Ammo urushda yengib chiqish uchun Isroil nafaqat AQSh hukumatini, balki bu mamlakatning mustaqil ommaviy axborot vositalarini ham o’z jiloviga olishi lozim. Chunki dunyoning eng qudratli, eng ta’sirchan ommaviy axborot vositalari aynan AQShda joylashgan.

AQSh ommaviy axborot vositalarida yoritiladigan xalqaro yangiliklarning asosiy qismini Isroil-Falastin mojarosi egallaydi. Bu yangiliklar mojaro haqida amerikaliklar ma’lumot oladigan asosiy manba hisoblanadi. Shuning uchun ularda nimalar yoritilayotganini tekshirish va faktlarga savol nazari bilan qarash lozim.

Bugun Isroil-Falastin mojarosi haqida eshitmagan odamni dunyoda topish qiyin. Yangi to’qnashuvlar, yangi qurbonlar haqida kelayotgan xabarlar ko’pchilik uchun oddiy voqeaga aylanib qolgan. Falastin yoshlari nega Isroildan nafratlanishi, nega doim qo’lida tosh bilan Isroil tanklari yo’lini to’sib chiqishi haqida so’raydigan odam yo’q. Nega? Yahudiy huquq faoli Gila Svirski buni shunday tushuntiradi:

“Falastinliklar boshdan kechirayotgan qiyinchiliklarni biz ko’rmaymiz. Bu bosqin ular uchun qanchalar og’ir ekanini tasavvur qilolmaymiz. Achinish yo’q, hamdardlik yo’q. Homilador ayol tug’ish uchun tug’ruqxonaga yetolmasdan bolasi tekshiruv nuqtasida jon bermoqda. Agar buni ko’rmasangiz, yuragingiz qayerdan ham achishsin?! Bu bosqinning noto’g’ri ekanini qayerdan ham bilishingiz mumkin?!”

AQShlik jurnalist Alisa Solomonga ko’ra, jurnalistlarning bo’layotgan voqealarni dunyoga to’g’ri yetkazmayotgani muammoning asosiy sababidir.

“Vaziyatning qaltisligi shunda, – deydi u. – Yetarli darajada xabar berilmaydi, suratlarni ko’rmaymiz. Tahlil yo’q, bosqin ostidagi falastinliklar holatini tasvirlab beradigan ovoz yetishmaydi. Holat shunchalikka yetib bordiki, bosqin davom etayotganidan dunyoning xabari ham yo’q”.

AQSh Ommaviy Axborot Vositalari va Falastin

Yangiliklar, ayniqsa, televizion yangiliklar qaysi voqea muhimroq ekanini aniqlashda va bu voqealar haqida tasavvurimiz shakllanishida muhim o’rin tutadi. Isroil Amerika xalqi ongiga ta’sir etishda shu mamlakat ommaviy axborot vositalari kuchidan foydalanadi.

AQShdagi Texas-Austin universitetida jurnalistikadan saboq beruvchi professor Robert Jensenning aytishicha, Isroil Falastinga qarshi Amerikadagi ikkinchi frontda ham kurash olib bormoqda.

“Isroil, darhaqiqat, ikkita frontda urush olib boryapti, – deydi u. – Birinchisi bosib olingan hududlarda Falastin aholisiga qarshi davom etayotgan harbiy harakat. Ikkinchisi Isroil bosqiniga AQShning doimiy madadini ta’minlash maqsadida OAV orqali olib borilayotgan Pi Ar (PR) kampaniyasi. Isroilning Nyu-Yorkdagi Bosh konsuli va Pi Ar aksiyalari koordinatori Alon Pinkas yaqinda shunday so’zlarni aytdi: “Biz ayni damda falastinliklar bilan urush holatidamiz va muvaffaqqiyatli Pi Ar kompaniyasi bu urushda yutib chiqishning bir yo’lidir”. Shunday ekan, Isroil G’arbiy Sohil va G’azo hududlarini bosib olishdan tashqari, Amerika matbuotini ham g’oyalar hujumi orqali egallab olishga urinmoqda, deyish mumkin”.

Isroilning Pi Ar kampaniyasi tarixi 1982-yilgi Livan istilosiga borib taqaladi. O’shanda Isroil Livanni bosib olgani uchun, ayniqsa, Sabra va Shatila qochoqlar lagerlarida Falastin aholisini qatl etgani uchun xalqaro hamjamiyatning kuchli tanqidiga uchragan edi. Halok bo’lgan minglab tinch aholi Isroilning pinagini ham buzmadi. Ammo uning xalqaro “imiji”ga yetgan putur katta muammo sifatida hukumatni jiddiy tashvishga soldi.

Angliyaning “The Independent” gazetasi muxbiri Robert Fisk o’sha kunlarni shunday xotirlaydi:

“Ular Beyrutni o’rab olishdi. Uch oy ichida deyarli barchasi tinch aholi bo’lgan 17 yarim ming odamni qirishdi. Minglab jasadlarni o’z ko’zim bilan ko’rdim. Keyin Sabra va Shatila lagerlarida ommaviy qirg’in boshlandi. Dunyo larzaga tushdi. Isroilliklar nimani noto’g’ri qildik, deya hayron. Keyin o’ylab qarashsa, yaxshi Pi Ar qilisholmagan ekan”.

Livanda kuzatilan Pi Ar inqirozidan so’ng, Isroil amerikaliklarning Yaqin Sharq haqida qanday fikrlashini nazorat qilish maqsadida doimiy ishlovchi ilmiy institutlar tashkil etishga qaror qildi. 1983-yilda AQSh matbuotini yaxshilashga qaratilgan Hasbara loyihasi ish boshladi. Maqsad kommunikatsiya va jamoatchilik bilan aloqalar yo’nalishlarida malakali Isroil mulozimlarini tayyorlash edi. Masalan, AQSh ommaviy axborot vositalarida Isroil haqida ijobiy materiallarni ko’paytirish uchun Isroil konsulliklarida maxsus matbuot kotiblari yetishtirildi. Ana shunday matbuot kotiblaridan birining 80-yillarda aytishicha, u har kuni nonushta, tushlik va kechki ovqatni, albatta, jurnalistlar bilan birga qilib, bunday uchrashuvlarda yetakchi matbuot va telekanal produserlari bilan efirga ketadigan yoki chop etiladigan material mazmuni haqida suhbatlashgan. U bu jarayonni “o’zaro fikr almashish” deya ataydi.

Jurnalist Alisa Solomonga ko’ra, amerikalik jurnalistlar Isroilning bunday hiylasiga laqqa tushmoqda.

“Isroil matbuot xizmati muntazam ravishda pres-reliz, bayonot va ma’lumotlar tarqatadi. Quddusdagi jurnalistlar xonasida o’tirib, real voqelikni ko’rmasdan yoki bunga urinib ham o’tirmasdan kun bo’yi maqolalar yozib jo’natishingiz mumkin. Bu borada Falastin matbuot xizmati beradigan axborot deyarli yaroqsiz. Chunki ular Isroil xizmati kabi tayyor maqola darajasidagi materiallarni yetkazib bera olmaydi”, – deydi AQShlik jurnalist.

Yangilik bosib o’tadigan chig’iriqlar

AQShda yoritiladigan yangiliklar jamiyatning bir qator murakkab munosabatlari ta’siriga uchraydi. Yangilik suxandonning tiliga yetib kelguncha bir necha chig’iriqdan o’tishi kerak. Yaqin Sharq mojarosi Amerika ommaviy axborot vositalari tomonidan qanday yoritilishini o’rganishdan oldin ana shu munosabat va chig’iriqlar qanday ishlashini tushunib olishimiz lozim.

Yangiliklarni elakdan o’tkazadigan eng muhim omillardan biri bu ommaviy axborot vositasiga egalik qiluvchi korporatsiyaning biznes manfaatidir. Bunday manfaat AQSh chegarasidan oshib yer sharining u yuzidagi Yaqin Sharqqacha tutashgan.

Media korchalonlarining iqtisodiy manfaatini siyosiy elita ham baham ko’radi. Demak, siyosatchilar va siyosatni belgilovchilar ikkinchi chig’iriqni tashkil etadi. Siyosiy elita matbuotga ta’sir o’tkazish qudratiga ega va ular ham aslida korporatsiyalar boshqaradigan tizimning bir bo’lagidir. Bu ikki guruh uchun Yaqin Sharqning qanday strategik ahamiyatga ega ekani Isroil-Falastin mojarosining matbuotdagi ifodasida o’z aksini topadi.

Uchinchi chig’iriq bu Isroilning jamoatchilik ko’zini bo’yashga qaratilgan Pi Ar kampaniyasidir. Isroil hukumati o’zining siyosiy va axborot dasturlarini amalga oshirishda Amerikaning eng katta xususiy Pi Ar kampaniyalarini ishga yollaydi. Isroilning AQShdagi 9 ta konsulligi bu ishga jurnalistlarni ham jalb etadi. Nasoro va yahudiylarga tegishli bir qator yirik xususiy kompaniyalar Isroilga xayrixoh bo’lmagan OAVlarga qarshi tashkil etilgan harakatlarni qo’llab-quvvatab, bu boradagi Isroilning rasmiy mavqeini bot-bot eslatib turadi. Ana shunday qudratli tashkilotlardan biri bu AIPEK, Amerika-Isroil Jamoatchilik bilan aloqalar qo’mitasidir. Mazkur tashkilot Isroilning Vashingtonda joylashgan eng katta lobbisi hisoblanadi.

Yaqin Sharq mojarosining OAVda qanday aks etishini Amerika iqtisodiy va siyosiy doiralarining Isroil propagandasi bilan birlashuvi hal qiladi.

Isroil hukumati siyosatiga qarshi bo’lgan “Yahudiylar bosqinga qarshi” yoki “Amerikaliklar tinchlik uchun” kabi ilg’or tashkilotlarning bunday chig’iriqlardan oshib o’tishi dargumon. Nihoyat, agar Isroilni qoralovchi biror xabar matbuotga sizib chiqsa, OAVni kuzatuvchi bir qator isroilparast guruhlar jurnalistlar va OAVga bosim o’tkazishni boshlaydi.

“Isroilparast bo’lgan o’ng qanot tashkilotlar bor, – deydi jurnalist Solomon. – Ular o’z ishlarini monitoring deb ataydi. Men esa ular faoliyatini jurnalistlarga tahdid qilish deb atayman. Yangiliklar xolis bo’lsin, degan da’vo bilan ular, aslida, Isroilga xayrixoh materiallar tayyorlanishini istaydi”.

AQShda joylashgan “Jurnalistikada adolat va haqqoniylik” tashkiloti vakili Set Akermenning aytishicha, ishi faqat muharrirlarga maktub yozish bo’lgan maxsus guruhlar bor.

“Ularning talabi – Isroilni qoralovchi xabarlar o’zgartirilishi yoki uni yozganlar ishdan bo’shatilishi lozim”, – deydi u.


AZAMAT JURAYEV