пятница, 31 мая 2013 г.

IJTIMOIY TARMOQNING SIYOSIY «ISHLAR»I

yoxud internetdagi ijtimoiy tarmoqlarning muammoga aylanayotgani xususida
Prezidentimizning Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida dunyo aholisining xavfsizligiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar haqida ogohlantirilib, «Bugungi kunda dunyoda kiberjinoyatchilik, kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda salbiy informatsion ta’sir o‘tkazish kabi xalqaro xavfsizlikka nisbatan ilgari ko‘rilmagan xavf-xatarlarning avj olayotganiga yetarli baho bermasdan, ularning oldini olmasdan, beparvo bo‘lib yashash mutlaqo mumkin emas.», deya ta’kidlandi.
Dunyoda yadroviy texnolo­giyalar va ommaviy qirg‘in qurollariga egalik qilish, siyosiy va diniy radikalizm, ekstremizm, qurol va odam savdosi, terrorizm, og‘ufurushlik, etnik hamda mil­latlararo ziddiyatlar avj olayotgan bir vaziyatda kommunikatsiya texnologiyalari orqali vujudga kelayotgan tah­didlarga bejiz alohida e’ti­bor qaratilmayapti.
Yaqinda niderlandiyalik yosh bir qiz Youtube orqali yigitlarni tug‘ilgan kuniga taklif qildi. Aytilgan payt (al­batta kechki) belgilangan joy­da 3 mingga yaqin yigit to‘p­landi. Tug‘ilgan kun egasini kuta-kuta yig‘ilganlarning toqati-toq bo‘ldi. Oxiri orada janjal ko‘tarildi. Kimningdir ko‘ylagi yirtildi, kimdir jarohat oldi.
Qiz, bilibmi-bilmaymi, ijtimoiy tarmoqning qudratli ta’sir kuchidan yengiltaklik yo‘lida foydalan­di. Afsuski, bu qudratli vosita «mijoz»lari orasida har xil siyosiy kuchlar, hatto davlatlar bor. Vaholanki, ularning maqsadlari bekorchi­likdan ermak uchun yoxud oqi­batini his qilmasdan amalga oshirilmaydi. Oshiril­mayapti...
«Arab bahori» deb nom olgan to‘polonlar va qon to‘kishlarda ijtimoiy tarmoqlar muhim o‘rin egallaganini hamma biladi. «Bahor»da undan siyosiy maqsadlarda foydalanildi. U siyosiy kuchlar uchun odamlarni yig‘ib berdi, ko‘chaga olib chiqdi. Sayyohlik o‘lkasi bo‘lmish birgina Misr iqtisodiyoti ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan beqarorlik va g‘alayonlar oqibatida 5 milliard AQSh dollaridan ko‘proq zarar ko‘rgan. Fuqarolar o‘rtasida esa bo‘linish, dushmanlik kayfiyati paydo bo‘lgan va bunday tarang ijtimoiy vaziyat hamon mamlakat muvozanatini chayqalgan holatda ushlab turibdi. Suriyada ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqarilayotgan to‘polonlarda, xorij matbuoti manbalarida qayd etilishicha, 60 ming aholi halok bo‘l­gan, yarim million kishi qo­choq va darbadar yuribdi.
Bugun internetni turli kuch­lar, mafkuralar, buzg‘unchi va xakerlardan himoyalash, bir so‘z bilan aytganda, xavfsiz internet masalasi dunyo bo‘y­lab dolzarb bo‘lib turibdi. Yaqinda axborot manbalari Yevropa ittifoqi hududida bir yilda kiberjinoyatchilar firibgarlik yo‘li bilan 1,5 milliard yevroga yaqin mablag‘ topishi haqida xabar tar­qatdi. Ularning daromadi asosan banklardan pul o‘g‘irlash, ijtimoiy tarmoqlar va bolalar pornografiyasidan to‘p­lanishi ta’kidlanadi. Kiberjinoyatchilik xurujlari orqali korxonalar, tashkilotlar, kompaniyalar saytlari va ma’lumotlar bazalariga katta shikast yetkazilmoqda, ularni tiklashga milliardlab mablag‘lar sarf­lanayapti.
«Uff.uz» sayti ma’muriyati sayt o‘tgan yili kiberlarning keng ko‘lamdagi hujumlariga uchragani va bu ko‘plab noqulayliklar tug‘dirgani haqida ma’lum qildi. Ayniqsa, kompyuter tarmog‘i or­qali fuqarolar nomini bulg‘ash, yolg‘on ma’lumotlar tar­qatish, sha’n va qadr-qimmatni kamsitish holatlari internetning, xususan, ijtimoiy tarmoqlarning muam­moli masalasi hisoblanadi.
Gazetalarimizdan biri «Odnoklassniki.ru» ijtimoiy saytida bir xonanda nomidan soxta 400dan ko‘p profil ochilgani va uning nomidan ko‘plab qizlarga xatlar yo‘llangani haqida yoz­di. Hatto bir qiz bilan uchrashuv belgilangan va «taklif» egasi o‘zi emasligini isbotlaguncha xonanda ancha aziyat chekkan.
Darhaqiqat, ushbu tarmoqdan bugungi kunda asosan yoshlar tanishish, do‘stlashish, eski do‘stlarni qidirish va muloqot o‘rnatish maqsadi­da foydalanadi. Bir qarashda, buning yomon tomoni yo‘q. Lekin hamma tanishmoqchi bo‘lganlarning maqsadi do‘st­lik bilan izohlanmasligi ham bor gap. Yoki hamma yozishmalarni odob-axloq doirasida deb bo‘lmaydi. Axloqsizlik va andishasizlikka xizmat qiladigan profil va guruhlar ham oz emas. Aytaylik, «Faqat asal qizlar va kelinoyilar uchun» guruhini olaylik. Bu guruhga qo‘­shilish uchun «asal qiz» yoki «kelinoyi» bo‘lish kerak. Uning fotogalereyasidagi surat­lar ilonni po‘st tashlatishga majbur qiladi. Yozishmalar odob ko‘chasidan bir bor o‘t­maganlarga taalluqli — g‘irt behayolik. Guruh a’zolari soni esa kichkina shaharchani to‘ldirishi mumkin. Shuncha odam yengiltaklik va buzuqlik targ‘ibotiga xizmat qilishi, vaqtini ana shu bemaza narsaga sarflashi achinarli hol, albatta.
Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idan foydalanuvchi kopengagenlik Torlou Agusdottir xonim yuzi qonga belangan momataloq holatdagi «surati» «muallifi» kimligini izlayapti. Abgor, zo‘rlangan holatni tasvirlovchi ushbu surat bir necha kun tarmoq ichida paydo bo‘lgani uni g‘azablantirdi va aybdorning jazolanishini xohlamoqda. Mutaxassislar fikricha, uning kamsitilgan huquqlari tiklanishi imkoniyati juda kam. Birinchidan, shunday suratni yaratgan mazaxist kiberfiribgarni topish ancha mushkul. Ikkinchidan, tarmoq operatorida buning uchun javobgarlik mas’uliyati yo‘q. Eng yomoni, yolg‘on, tuhmat, qadr-qimmatni kamsituvchi axborot tarqatib bo‘lindi. Uning oqibat va zararini bartaraf qilib bo‘lmaydi. Undan ham xavotirlisi — shu kabi holatlar ijtimoiy tarmoq orqali yana takrorlanmasligiga hech qanday kafolat yo‘q va bu tarmoq ichida tez-tez uchrab turadigan ho­disa hisoblanadi.
— Nazarimda, odamlar bugun ikki: real va virtual dunyo­da istiqomat qilayapti. Ayrimlar faqat birinchisi bilan cheklangan bo‘lsa, boshqalar ikkinchisida ko‘proq band va unga ortiqroq ishonadi, — deydi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalis­tika fakulteti Internet jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi, fan nomzodi Nozima Murodova. — Tad­qiqotlarga qaraganda, dunyo aholisi axborotni asosan internetdan olmoqda. Unda esa hamma narsa aralash — oq bilan qora, yaxshi bilan yomon. Tezkorlik va turli ko‘rinishlarda informatsiya tarqatish imkoniyati, auditoriyaning qayta aloqaga chiqishi uchun mavjud qulayliklar biznes, tadbirkorlik, reklama, ommaviy aloqalar (PR) hamda axborot xizmatlari uchun katta axborot maydonini yaratayotgan bo‘lsa, shu bilan birga, uni chegara va nazorat qilishning imkoni yo‘q — buzg‘unchi g‘oyalar, terroris­tik da’vatlar, pornografiya va hokazolarni uchratish mumkin. Aytaylik, virtual olam — internet orqali terro­ristik tashkilotlar ham o‘z­lariga hudud yaratgan. Fohishalik aynan internet xizmati orqali amalga oshirilmoqda. Odam savdosining umumdunyo miqyosida yoyilishida uning imkoniyatlaridan foydalanilayapti.
Ijtimoiy tarmoqlar fikr va tajriba almashish, ma’lum bir soha vakillari o‘r­tasida muloqot o‘rnatish ka­bi maqsadlarga xizmat qi­lishi lozim. Afsuski, is­te’molchi tomonidan bu tarmoqlar ko‘proq ermak, ko‘ngilxushlik uchun tanlanmoqda. «Odnoklassniki.ru»ni olaylik. Unga MDH davlatlari o‘rtasida eng ko‘p murojaat qiladiganlar soni bo‘yicha biz oldingi o‘rindamiz. Shu bois tarmoq operatorlari o‘zbek tili variantini ham aynan ehtiyojdan kelib chiqib joriy qildi. Lotin Amerika­si mamlakatlarida milliy ijtimoiy tarmoqlar rivojiga alohida e’tibor qaratilgani bois, chet domenlardagi ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri sust. Ushbu tajriba e’tiborli, albatta. Milliy domenimizda yaratilgan «Fikr.uz», «Muloqot.uz», «Sinf­dosh.uz», «Olam.uz» kabi ijtimoiy tarmoqlar ishini yanada rivojlantirish va kengaytirish milliy man­faatlarimizga xizmat qilishi shubhasiz. Chunki axborot xavfsizligi milliy xavfsizlikning muhim bir qis­mi, virtual dunyoni mutlaqo nazoratsiz qo‘yish real dunyo­da ko‘plab buzg‘unchiliklarni keltirib chiqaradi.
Mutaxassislar fikricha, filtrlarni qo‘llash va internetdan foydalanishni cheklash doim ham ko‘zlangan maqsadga olib kelmaydi. Bu borada e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihat, avvalo, odamlarning informatsion madaniyatini oshirish, me­diata’lim yo‘nalishida ish olib borishdir. Chunki axborot ummonida asosiy ob’ekt inson ongi hisoblanadi. Shu sabab, aholini axborot olish va tarqatish madaniyatiga o‘r­gatish, informatsion hududda o‘zini tutish qonun va qoidalarini ko‘rsatish kerak. Ana shularni inobatga olgan holda axborot oqimlarini ma’rifiy va ta’limiy yo‘­nalishda ishlatish axborot xavfsizligini ta’minlash­da hamda bu borada kuchli immunitetni hosil qilish­da foydali natija berishi mumkin.
Darhaqiqat, bolalar va o‘s­mirlar uchun milliy internet o‘yinlarini yaratish, «Ziyo-net»ga o‘xshash ma’rifiy tarmoqlar sonini ko‘paytirish va imkoniyatlarini kengay­tirish lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, dunyo tajribasi aholini, ayniqsa, o‘sib ke­layotgan yosh avlodni ommaviy axborot va kommunikatsiya tizimlarining globallashuvi jarayonida axborot xuruj­lari va tahdidlaridan hi­moyalashda nafaqat ma’ri­fiy va axboriy, shu bilan birga, huquqiy hamda texnologik resurs va mexanizmlarni safarbar qilishni, shuningdek, takomillashtirishni talab etadi. Rivojlangan davlatlar tajri­ba­sida tajovuzkor hamda odob doirasidan tashqaridagi sayt­lar, bloglar va portallarga milliy hu­dudda texnik jihatdan blok qo‘yish yoki cheklovchi kalit so‘zlar ro‘yxatini yaratish, filtrlash ama­liyoti mavjud.
Shaxs, jamiyat va davlatning manfaatlarini ko‘zlab, axborot sohasini ichki va tash­qi tahdidlardan himoyalashda, albatta, axborot xavfsiz­ligining huquqiy ta’minlanganligi muhim aha­miyat kasb etadi, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi, Axbo­rot va kom­munikatsiya texnologiyala­ri masalalari qo‘mitasi a’zosi Dilbar Xoliqova.Shuning uchun qator xorijiy davlatlar qonunchiligida internet tarmoqlaridagi axborot, kommunikatsiya va axborot xizmatlari zararli mazmunining ma’lum bir belgilari bo‘yicha cheklovlar mavjud. Masalan, ko‘pchilik Osiyo davlatlarida internet pornografiyasi qattiq nazoratga olinadi va ta’qib qi­linadi. Fransiyada identifikatsiya qilinmagan fuqa­rolarga xos­tingdan foyda­lanishga yo‘l qo‘ygan internet provayderlari uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Qonunga binoan mahalliy serverlar orqali axborot tarqatayotgan saytdagi barcha mualliflar o‘zi haqidagi hamma ma’lumotlarni berishga majbur. Agar ushbu ma’lumotlar yol­g‘on bo‘lsa, uni uzatgan muallifiga 6 oygacha qamoq jazosi beriladi. Avstraliya qo­nunchiligi ham provayderlarga alohida majburiyatlar yuklaydi. Ayrim davlatlarda bolalarning sog‘ligi va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qi­lish va internet tarmog‘idagi qonunga xilof axborotdan chegaralashni belgilovchi qo­nun qa­bul qilingan.
Axborot mazmuniga oid shikoyatlar tizimi ishlashini huquqiy jihatdan tartibga solish, shartli vositalar orqali, ya’ni kodlar, shifr va parol yordamida axbo­rotdan foydalanish bo‘yicha ijobiy xorijiy tajribalardan foydalanish lozim, deb o‘ylayman.
Kompyuter va axborotlashtirish sohasidagi qonunbuzarlik holatlariga barham berish maqsadida qonunla­rimiz takomillashib bormoqda. Jumladan, 2007 yilda qabul qilingan «Axborotlashtirish va ma’lumotlar uzatish sohasida qonunga xilof harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘­shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq ushbu sohaga doir javobgarlik kengaytirildi va kuchaytirildi. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155-moddasi («Axborotdan foydalanish qoi­dalarini buzish») 155-1-mod­da bilan to‘ldirildi («Kompyuter tizimidan foyda­lanish qoidalarini buzish»). Jinoyat kodeksiga esa «Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyat» degan alohida bob kiritildi. Undagi 6 ta modda axborotlashtirish qoi­dalarini buzish, kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda ruxsatsiz foydalanish, undan ruxsatsiz foydalanish uchun maxsus vositalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab tayyorlash, o‘tkazish va tarqatish, modifikatsiyalashtirish, kompyuter sabotaji, zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tar­qatish kabi xatti-harakatlarga jinoiy javobgarlikni belgilaydi. Vaholanki, il­gari bu borada bitta — 174-modda («axborotlashtirish qoidalarini buzish») mavjud edi xolos va kompyuter sohasidagi munosabatlarni yetarlicha qamrab ololmasdi.
Afsuski, dunyoda kiberfiribgarlik, axloqsizlik va jinoyatning turlari va usullari tobora ko‘payib bormoqda. Ularga nisbatan qonunchilikni yanada takomillashtirish, aholining xolis axborot va xavfsiz internetga bo‘lgan huquqlarini yetarli himoya qilish bugungi kun talabi hisoblanadi.
Axborot xavfsizligi — tizimli jarayon. Dunyoda sodir bo‘layotgan hozirgi voqea-ho­disalardan kelib chiqib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda siyosiy partiyalar veb-saytlarini yanada rivojlantirish, unda, ayniqsa, muloqot, aloqa va savol-javob xizmatlarini kuchaytirish talab etiladi.
Ayniqsa, axborot tarqatishga mo‘ljallangan saytlar ishini takomillashtirish zarur bo‘ladi. G‘oyaviy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy, badiiy, sport, harbiy-vatanparvarlik, milliy o‘yinlar va boshqa yo‘nalishlarda milliy axborot resurslarini rivojlantirish — bugungi kun talabi. Fuqarolarning axborot chanqoqligi qondirilmasa, u boshqa manba qidiradi, uni boshqalar qondiradi. Darhaqiqat, axborot xavfsizligi — barqarorlikning sharti, xavfsizlik kafolati ham­da tinchlikning garovi hisoblanadi.
Akbar JonuzoQov